Toshkentda “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

 

2024-yilning 15-aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov raisligida “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qatar Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayani, Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulloh Ali al-Yahyo, O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr Albusaydiy, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov (faxriy mehmon sifatida), Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad Al-Murayxiy, BAA Prezidentining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Alibek Baqoyev hamda Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) Bosh kotibi Jasem Muhammad Al-Budaiviy ishtirok etdi.

Tadbirda ikki mintaqa o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar, ekologiya va turizm sohalarida o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda 2023-yil 19-iyul kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida erishilgan kelishuvlar, xususan “Strategik muloqot va hamkorlik bo‘yicha 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi”ni hayotga tatbiq etish holati ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari, xususan, Afg‘oniston va Yaqin Sharqdagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

“Markaziy Osiyo –KADHK” shaklidagi navbatdagi sammitni 2025-yilda Samarqand shahrida o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu shakldagi tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchinchi uchrashuvi 2026-yilda Kuvaytda bo‘lib o‘tadi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий