Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining avgust oyidagi faoliyati toʻgʻrisida

 

Assalomu alaykum,

Avgust oyi mamlakatimiz xalqaro munosabatlarida koʻplab tashriflar, uchrashuvlar, muzokaralar va tadbirlarga boy boʻldi.

IIkki tomonlama siyosiy tadbirlarga toʻxtalsak, oʻtgan davrda yurtimizga 9 ta yuqori darajadagi hamda xorij davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining 21 ta tashrifi amalga oshirildi.

Yuqori darajadagi Oʻzbekiston delegatsiyalarining 11 ta mamlakatga umumiy hisobda 20 ta tashrifi ishlab chiqilgan boʻlsa, Respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari, ularning oʻrinbosarlari darajasida 27 ta xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy koʻmak berildi.

Jumladan, avgust oyida Oʻzbekiston TIV rahbari:

- Qozogʻiston Bosh vaziri oʻrinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu;

- Falastin Davlati tashqi ishlar vaziri Riyod Malki;

- Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto;

- Hindiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sanjay Verma;

- videokonferensaloqa orqali Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Qozogʻiston TIV rahbari bilan uchrashuvda Oʻzbekiston va Qozogʻiston tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2024-2025-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Falastin tashqi ishlar vaziri bilan ikki mamlakat vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar toʻgʻrisida Bayonnoma imzolandi.

Eron TIV rahbari bilan uchrashuvda ham vazirliklarimiz oʻrtasida hamkorlik boʻyicha yoʻl xaritasi imzolandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri ishtirokida koʻplab xorijiy hamkorlar bilan ham ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazildi.

Jumladan:

- Germaniya Federal hukumatining migratsiya boʻyicha komissari Yoaxim Shtamp;

- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Suma Chakrabarti;

- Qatar Davlati Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash markazi Vasiylik kengashi rahbari Ali Bin Fetais Al-Marri;

- AQSH Senatining Ichki xavfsizlik va hukumat ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi Gari Piters;

- “Air Products” kompaniyasi vitse-prezidenti Vaslav Xarant bilan boʻlib oʻtgan muloqotlarda mamlakatimizning xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jasem Muhammad Al-Budayviy bilan telefon orqali muloqot boʻlib oʻtdi.

Xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchilari bilan 7 ta uchrashuv tashkil etildi.

Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligida davlat idoralari vakillari bilan birgalikda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan Koreya Respublikasi tadbirkorlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Oʻzbekistonda xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar va mavjud muammolarni hal etish yuzasidan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Shu bilan birga, oʻtgan davrda Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili hamda vazir oʻrinbosarlari tomonidan 23 ta uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi. Hindiston tashqi ishlar vazirligi bilan siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi boʻlib oʻtdi.

II. Endi eʼtiboringizni Oʻzbekistonning koʻp tomonlama diplomatiyasiga qaratamiz.

Oʻtgan davrda TIV rahbari yurtimizga xizmat safari bilan kelgan YEXHTning amaldagi raisi, Shimoliy Makedoniya tashqi ishlar vaziri Buyar Osmani, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi yordamchisi Miroslav Yencha bilan ham alohida uchrashuvlar oʻtkazdi.

Bundan tashqari dunyoning turli shaharlarida boʻlib oʻtgan 20 ta xalqaro tadbirlarda davlatimiz idoralari vakillari qatnashdilar.

III. Iqtisodiy diplomatiya yoʻnalishida 250 dan ortiq turli tadbirlar oʻtkazildi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan qator investitsiya loyihalarida ishtirok etish uchun Polsha, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Singapur va boshqa xorijiy davlatlardan mutaxassislarni olib kelishga koʻmaklashildi.

Avgust oyida diplomatik vakolatxonalarning bevosita koʻmagida umumiy qiymati $83,24 mln.ga teng 42 ta yangi eksport shartnomalari imzolandi.

IV. Xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yoʻnalishida 3 ta hujjat kuchga kirdi va 15 ta hujjat imzolandi.

V. Xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash boʻyicha ham koʻplab ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:

14 452 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari koʻrsatildi;

438 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan taʼminlashga koʻmaklashildi;

- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 202 nafar fuqaromizga 22 655 AQSH dollari miqdorida yordam koʻrsatildi;

- chetda qiyin vaziyatlarda, yaʼni odam savdosi qurboni boʻlgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 137 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;

47 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;

- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qoʻyilgan 18 nafar fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qaytarildi.

Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 152 ta tadbir oʻtkazilib, ularda 8952 nafar vatandosh qatnashdi.

Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 9 306 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1 416 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga, 7 890 tasi chet eldagi vakolatxonalarimizga yuborilgan. Barchasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqildi va ularga oʻz vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi.

Bir oy mobaynida 15 730 nafar chet el fuqarosiga Oʻzbekistonga kirish vizalari rasmiylashtirilgan, shundan 8 153 tasi elektron tarzda berilgan.

Shu bilan avgust oyi yakunlariga bagʻishlangan brifingimiz oʻz nihoyasiga yetdi. Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий