O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. V.Norovning YXHTning amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Z.Rau bilan uchrashuv yakunida tashkil etilgan matbuot anjumanidagi nutqi va OAV savollariga javoblari

 

(2022-yil 3-iyun, Toshkent shahri)

Assalomu alaykum, hurmatli OAV vakillari!

Hozirgina hurmatli hamkasbim, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri janob Rau bilan konstruktiv va ochiq muhitda O‘zbekiston va YXHT, shuningdek, Polsha Respublikasi bilan hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini batafsil muhokama qildik.

O‘zbekiston YXHTni harbiy-siyosiy, iqtisodiy, ekologik va insoniy yo‘nalishlardagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha siyosiy muloqot uchun yirik xalqaro platforma sifatida ko‘radi.

So‘nggi besh yildagi hamkorligimiz tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarning butun davri davomida eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Birgina 2021-yilning o‘zida YXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Linde xonim, DIIHB direktori janob Mekachchi, YXHT OAV masalalari bo‘yicha vakili Ribeyro xonim va YXHT Parlament Assambleyasi prezidenti Sederfelt xonim O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Biz janob Rau bilan YXHT institutlari bilan amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdik. Bunda YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi muhim o‘rin tutadi.

YXHT bilan insoniy yo‘nalish doirasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish yo‘llari yuzasidan fikr almashildi. YXHT 2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, uning qoidalari YXHT tamoyillariga to‘liq mos keladi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish, ommaviy axborot vositalarining ochiqligi, sud hokimiyati mustaqilligi va qonun ustuvorligi, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi o‘zgarishlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qat’iy qadamlarini yuqori baholadi. 

YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha Byurosi bilan konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot chog‘ida YXHT bilan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, kiberxavfsizlikni ta’minlash kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishdan tomonlarning manfaatdorligi bildirildi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda ko‘plab sohalarda jadal rivojlanib, kengayib borayotgan ikki tomonlama O‘zbekiston-Polsha munosabatlarining keng ko‘lamli masalalarini atroflicha muhokama qildik.

Biz siyosiy, diplomatik, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdik.

Siyosiy muloqotni muntazam davom ettirish, Yevropa Ittifoqi orqali hamkorlik va ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasida o‘zaro yordam ko‘rsatishdan manfaatdorlik bildirildi.

Biz hamkasbim janob Rau bilan tashqi ishlar vazirliklari yo‘nalishida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish amaliyotini olqishladik. Bu ikki tomonlama kun tartibini dolzarblashtirish, xalqaro va mintaqaviy masalalar bo'yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda.

Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Parlament diplomatiyasi siyosiy muloqotning ajralmas qismidir.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va uning tuzilmasini diversifikatsiya qilish bo‘yicha kelgusida ham muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar muhimligini ta’kidladik.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik hamda o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.

Andijon shahrida “Collegium Humanum” Varshava menejment universitetining filiali ochilishini olqishlaymiz (loyiha byudjeti 4,5 million dollar).

Biz bu yoʻnalishdagi ishlarni davom ettirishga tayyormiz va Oʻzbekistonda Yevropaning eng qadimgi va yetakchi oliy oʻquv yurtlaridan biri boʻlgan Krakov shahridagi Yagellon universitetining filialini ochilishidan mamnunmiz.

Muzokaralar davomida mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdik. Mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu mamlakatdagi vaziyatga oid ko‘plab masalalar bo‘yicha pozitsiya va yondashuvlarimiz o‘xshashligini alohida ta’kidlash lozim.

Bugun boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunlari boʻyicha 2022-2026 yillarga moʻljallangan madaniyat, fan, oliy taʼlim, maʼrifat va sport sohalaridagi Hukumatlararo ijro dasturini imzoladik. Uning amalga oshirilishi tomonlarning ushbu sohalardagi oʻzaro hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Hujjatda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

E'tiboringiz uchun tashakkur.

 

SavolHurmatli vazir. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sezilarli faollashdi, rasmiy va ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining qator tashriflari almashildi.

Polsha bilan ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari haqida gapirib bersangiz.

 

V.Norov: Polsha O‘zbekistonning Yevropadagi asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Joriy yil 19-mart kuni mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi.

O‘tgan vaqt mobaynida biz o‘zaro hamkorlikning katta ijobiy tajribasini to‘pladik. Bu esa samarali O‘zbekiston-Polsha hamkorligini yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bizni Polsha bilan uzoq yillik, yaqin, anʼanaviy do‘stona aloqalar bog‘lab turadi.

Xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik haqida gapirganda o‘zbek zaminida 150 yildan ziyod yashab kelayotgan O‘zbekistondagi polyak diasporasini (2 mingga yaqin kishi) aytish mumkin. 

O‘zbekiston mamlakatlarimiz o‘rtasida ochiq va konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish tarafdori.

Ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish, xususan, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini Toshkent shahrida o‘tkazish masalalarini muhokama qildik.

Bu, bizningcha, ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va ko‘p tomonlama tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zaro munosabatlarimizning ustuvor yo‘nalishi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘lib, u keyingi yillarda sezilarli darajada faollashmoqda.

Polsha biz uchun Yevropa Ittifoqidagi muhim savdo hamkoridir. Jumladan, 2021-yilda tovar ayirboshlash 33 foizga (250 million dollar) oshdi. 2022-yilning yanvar-aprel oylarida o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari yana 50 foizga (100 million dollardan) oshdi.

Oxirgi uch yilda O‘zbekistonda Polsha bilan tuzilgan qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga (jami 43 ta) oshdi.

Ayni paytda O‘zbekistonda Polsha sarmoyasi ishtirokida qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, mashinasozlik va taʼlim sohalarida sakkizta (umumiy qiymati 75 million dollardan ortiq) investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar kompleksini yanada faollashtirish uchun 2022-yilda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Polsha Hukumatlararo komissiyasining 8-majlisini o‘tkazish, shuningdek, Polshaning yetakchi kompaniyalari delegatsiyalarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ham muhokama qildik.

 

 

Savol: Ma’lumki, keyingi yillarda O‘zbekiston YXHT va uning institutlari bilan hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirdi, uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston va YXHT o‘rtasidagi o‘tgan davrdagi hamkorlik rivojini qanday baholaysiz va o‘zaro manfaatli hamkorlikning keyingi istiqbollari haqida fikrlaringizni bildirsangiz?

 

Vladimir Norov: Biz YXHT, xususan, uning O‘zbekistondagi loyihalar Koordinatori ofisi bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratyapmiz.

Bu yil O‘zbekiston va YXHT o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi.

2021-yil aprel oyida 2021-2022-yillarda O‘zbekistonda YXHT loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yangilangan jami 5,5 million yevrolik 46 ta tadbirdan o‘rin olgan Harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) qabul qilindi.

Amalga oshirilayotgan loyihalar transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish, gender tengligini rag‘batlantirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, raqamli va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi dolzarb sohalarda respublika salohiyatini oshirish borasidagi ustuvor vazifalarimizni o‘zida aks ettiradi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada kengaydi.

Byuroning keng miqyosli missiyasi birinchi marta respublikada boʻlib oʻtgan Prezident saylovi (2016 va 2021-yillar) va parlament saylovlarini (2019-yil) kuzatishda ishtirok etdi.

Biz DIIHB tavsiyalarini amalga oshirishda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligini qabul qilish va takomillashtirish doirasida ham muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqdamiz.

Hamkorlikni yanada faollashtirish istiqbollariga kelsak, bizning fikrimizcha, YXHTning iqtisodiy va ekologik yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud.

Biz O‘zbekistonga raqamlashtirish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb qilish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyiha faoliyatini sezilarli darajada kengaytirishdan manfaatdormiz.

Davlat boshqaruvi institutlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash vositalarini keng joriy etish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish, nafaqat Markaziy Osiyo, balki boshqa hududlarga ham xavf tug‘dirayotgan Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan halokatli ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik oqibatlarini yumshatish hamkorlikning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. 

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий