O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi
2023-yilning 10-12-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasini Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Dak Su qabul qildi. Muzokaralarda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat davlat idoralari o‘rtasida yaqin sheriklik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida o‘zaro ishonch va yaqin sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan platforma – O‘zbekiston va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi Strategik muloqotning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar delegatsiyalariga ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari boshchilik qildi. Muzokaralar chog‘ida turli yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Iqtisodiy diplomatiyani sezilarli natijalar bilan boyitishga alohida e’tibor qaratildi. Vazirlar Strategik muloqotning birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha hujjatni imzoladilar.
O‘zbekiston TIV rahbari Yashil rivojlanish global instituti (GGGI) Kengashi raisi, Assambleya prezidenti Pan Gi Mun bilan uchrashdi. Qo‘shma dasturlar, jumladan, “GGGIning O‘zbekiston bo‘yicha 2021 – 2025-yillarga mo‘ljallangan rejalashtirish strategiyasi” va “2019-2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi” doirasidagi loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, “yashil” ish o‘rinlari yaratish, barqaror xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va boshqa yo‘nalishlarga qaratilgan amaldagi hamda muvaffaqiyatli loyihalar natijalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif doirasida Seul shahrida O‘zbekiston-Koreya biznes-forumi tashkil etilib, unda ikki mamlakatning 300 dan ziyod yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Marosimda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirlari so‘zga chiqdi. Ayni paytda O‘zbekistonda umumiy qiymati qariyb $13 milliardlik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. So‘nggi 4 yilda mamlakatimizda Janubiy Koreya kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni ikki baravar ko‘paygani qayd etildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasining qator yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ham alohida muzokaralar o‘tkazdi.