YXHT raisi, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
11-iyun O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti raisi, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen bilan uchrashdi.
Ushbu uchrashuv ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik masalalariga bag‘ishlandi. O‘zbekistonning YXHT bilan hamkorligi jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi. Tomonlar ayniqsa mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish hamda inson huquqlarini ilgari surish borasidagi qo‘shma sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratdilar. Ushbu sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusidagi istiqbollar muhokama qilindi.
Shuningdek, siyosiy, iqtisodiy va madaniy yo‘nalishlarda O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, madaniy almashinuvlarni rivojlantirish va ta’lim sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonennimg mamlakatimiz bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga bo‘lgan intilishini yuqori baholadi va ikki tomonlama aloqalarning bundan keyin ham samarali va do‘stona ruhda davom etishiga ishonch bildirdi.