Vatanimiz mustaqilligi kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi
2025-yil 30-avgust kuni Tashqi ishlar vazirligida mamlakatimizning Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi. Yig‘ilishda Vazirlik rahbariyati va jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirni Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev ochib, Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Davlatimiz Rahbari so‘zlagan nutqning asosiy jihatlariga alohida to‘xtaldi.
Mustaqillik xalqimiz uchun muqaddas qadriyat sifatida ulkan ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Shuningdek, so‘nggi yillarda barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ochiq, do‘stona va pragmatik tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Tadbir doirasida ilk bor taʼsis etilgan “Diplomatik xizmat fidoyisi” va “Diplomatik xizmat aʼlochisi” ko‘krak nishonlari vazirlikning faol, fidoyi va o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib kelayotgan xodimlarga topshirildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan diplomatlar, jonajon vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligini taʼminlash, xalqaro maydonda O‘zbekistonning mavqei va o‘rnini yuksaltirish yo‘lida yana-da sobitqadam bo‘lishlarini, barcha saʼy-harakatlarini safarbar etishlarini taʼkidladilar.