Urganch va Nukus shaharlarida sayyor qabullar tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan joriy yilning 21 – 22-aprel kunlari Urganch va Nukus shaharlarida navbatdagi “sayyor qabul”lar tashkil etildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvlarda aholidan ijtimoiy, huquqiy va migratsiya masalalariga oid ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Muhokamalar markazida xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish tartiblari, chet elda mushkul vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga konsullik ko‘magini ko‘rsatish hamda xorijiy davlatlarning vaqtincha saqlash muassasalarida bo‘lib turgan fuqarolarni Vatanga qaytarish kabi dolzarb mavzular o‘rin oldi. Shuningdek, hujjatlarni rasmiylashtirish va qonuniy tartibda legallashtirish bilan bog‘liq savollarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, ularning kelib chiqish sabablari tahlil qilindi. Fuqarolarga amaldagi qonunchilik normalari asosida batafsil huquqiy tushuntirishlar berilib, muammolarni hal etish yuzasidan amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Murojaatlarning salmoqli qismi joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish, idoralararo hamkorlikni talab etadigan masalalar esa alohida nazoratga olinib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq choralar belgilandi.


