Urganch va Nukus shaharlarida navbatdagi sayyor qabullar tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti xodimlaridan tarkib topgan ishchi guruh tomonidan joriy yilning 27-28-oktabr kunlari Urganch va Nukus shaharlarida fuqarolar bilan navbatdagi “sayyor qabul”lar o‘tkazildi.
Aholi bilan bevosita muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvlar davomida ijtimoiy, huquqiy va migratsiya masalalariga oid murojaatlar tinglandi. Xususan, xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi, chet elda murakkab vaziyatlarga duch kelgan O‘zbekiston fuqarolariga konsullik yordamini ko‘rsatish, xorijiy davlatlarning vaqtincha saqlash muassasalarida bo‘lib turgan yurtdoshlarimizni Vatanga qaytarish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, fuqarolar tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirish va belgilangan tartibda legallashtirish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi.
Kelib tushgan har bir murojaat mas’ullar tomonidan alohida tartibda ko‘rib chiqilib, mavjud muammolarning sabablari va ularni bartaraf etish imkoniyatlari o‘rganildi. Murojaatchilarga amaldagi qonunchilik talablari asosida tegishli huquqiy tushuntirishlar berilib, muammolarni hal qilish bo‘yicha zarur amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Qo‘shimcha o‘rganish va tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda hal etishni talab qiladigan masalalar esa nazoratga olinib, ularning yechimini ta’minlash yuzasidan tegishli choralar belgilandi.


