Toshkentda “O‘zbekistonning tadqiqot salohiyatini rivojlantirish: Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik kuni” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

12-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan Toshkent iqtisodiyot va texnologiyalari universitetida “O‘zbekistonning tadqiqot salohiyatini rivojlantirish: Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik kuni” (“Advancing Uzbekistan’s Research Potential: EU Partnership Day”) konferensiyasi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, Yevropa Komissiyasi vakillari hamda mamlakatning 100 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi O‘zbekistonning “Horizon Europe” dasturi va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi “Erasmus+” loyihalaridagi ishtirokini yanada kengaytirish, shuningdek, ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Yevropa Komissiyasi vakillari O‘zbekistonning ushbu dasturlarda faolroq qatnashishi uchun zarur insoniy salohiyat va ilmiy bazaga ega ekanini alohida qayd etdilar.
Tadbir davomida “Erasmus+” dasturi doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish, talaba va tadqiqotchilar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarining Yevropa tadqiqot tashabbuslarida ishtirok etish imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur tashabbuslar Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti hamda O‘zbekiston Prezidentining Belgiyaga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi sifatida e’tirof etildi. Tomonlar ilmiy va innovatsion hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi tadqiqot dasturlaridagi ishtirokini oshirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.


