TIV rahbari Pokistonning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisidan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi

22-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Pokiston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Mudassir Tipuning ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, Strategik hamkorlik kengashi doirasidagi mexanizmlarni faollashtirish, oʻzaro savdo hajmini oshirish hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
TIV rahbari elchiga mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tilab, oʻzaro munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitish yoʻlida yaqin va samarali hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.


