TIV rahbari Malayziyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisidan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi

22-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Malayziyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Rafeda binti Abdul Azizning ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. So‘nggi yillarda oliy darajadagi muloqotlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va ko‘plab sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
TIV rahbari elchiga O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, uning mas’uliyatli faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqladi.


