Tashqi ishlar vazirligida “O‘zbekiston yosh diplomatlar klubi” anjumani o‘tkazildi

19-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida “O‘zbekiston yosh diplomatlari klubi”ning anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, diplomatlar hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Baxromjon A’loyev so‘zga chiqib, yoshlarga Davlatimiz Rahbari tomonidan belgilab berilgan, izchil amalga oshirilayotgan tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlari, o‘zbek diplomatiyasining so‘ngi yillardagi yutuqlari, mamlakatimizning mintaqaviy va global jarayonlarda tobora oshib borayotgan o‘rni hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surilayotgan konstruktiv tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, klub a’zolariga diplomatik faoliyatning asosiy jihatlari, kasbiy imkoniyatlari, xalqaro muloqotdagi roli to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. “O‘zbekiston yosh diplomatlari klubi” yoshlarda mas’uliyat, vatanparvarlik va professional diplomatik yondashuvni shakllantirishga xizmat qilishiga alohida urg‘u berildi.
Shu bilan birga, klubning o‘tgan davrdagi faoliyati sarhisob qilinib, istiqboldagi rejalar taqdim etildi. Yoshlarni tashqi siyosat sohasiga qiziqtirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi. Klub Ijro kengashining yangi tarkibi tasdiqlandi, uning yangi a’zolariga guvohnomalar topshirilib, 2026-yilgi chora-tadbirlar rejasi bo‘yicha takliflar shakllantirildi.


