Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabari

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan joriy yilning 9-aprel kuni Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida “sayyor qabul”lar o‘tkazildi.
Muloqotlar davomida mazkur hududlar aholisi tomonidan ijtimoiy, huquqiy va migratsiya yo‘nalishlariga oid turli masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi.
Xususan, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish tartiblari, yaqinlari chet elda og‘ir vaziyatga tushib qolgan yurtdoshimizga konsullik yordam ko‘rsatish, xorijiy davlatlarning vaqtincha saqlash muassasalarida bo‘lib turgan fuqarolarimizni Vatanga qaytarish, hujjatlarni rasmiylashtirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, ularning kelib chiqish sabablari tahlil qilindi, fuqarolarga aniq huquqiy tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berildi.
Murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish hamda tegishli idoralar bilan hamkorlikni talab etadigan masalalar esa alohida nazoratga olinib, ularning ijrosi bo‘yicha aniq choralar belgilandi.


