Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi
Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Jamoatchilik kengashi raisi S.Saidkasimov va tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari B.Aʼloyev, shuningdek, fuqarolik jamiyati faollari, xalqaro munosabatlar sohasi ekspertlari va matbuot vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mazkur vazirlikning o‘tib borayotgan yil davomidagi faoliyati sarhisobi taqdim etildi. Asosiy natijalar muhakama qilinib, O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosati izchil amalga oshirilayotgani, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘-e’tibori izchil oshib borayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish, milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, hududlar bilan ishlash, mehnat migratsiyasi va turizm sohalarida Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil m’lumot berildi.
Shuningdek, yig‘ilish doirasida mintaqaviy va global masalalar yuzasidan ochiq va konstruktiv muloqot o‘tkazildi. Fuqarolik jamiyati vakillari bilan inerfaol fikr almashinuvi orqali tashqi siyosatni yanada takomillashtirishga doir muhim taklif va mulohazalar bildirildi.
Muhokamalar yakunida xorijda O‘zbekistonning ijobiy imijini mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish hamda xalqaro madaniy-gumanitar almashinuvlarni rivojlantirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashiniing 2026 yilga mo‘ljallangan “Amaliy harakatlar rejasi” tasdiqlandi.


