Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Kuvayt davlatiga tashrifi yuzasidan

 

15-16-aprel kunlari O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Kuvayt davlatiga tashrif buyurdi.

Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Saboh va Valiahdi Shayx Saboh as-Saboh qabulida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning eng samimiy salomlari yetkazildi.

Mintaqalar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish hamda O‘zbekiston – Kuvayt munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlar ishlatilishi ta’kidlandi.

Tashrif davomida mamlakat rasmiylari va Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Shuningdek, Kuvaytda “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining uchinchi uchrashuvida ishtirok etildi.

Uchrashuvda kun tartibidagi dolzarb mavzular va tobora rivojlanib borayotgan hamkorlikning keyingi bosqichga olib chiqishning samarali usullari muhokama qilindi. Xususan, joriy yilning 5-may kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Sammit mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Kuvayt Davlati Amirlik devoni ishlari bo‘yicha davlat vaziri Shayx Muhammad Abdulloh al-Muborak as-Saboh bilan uchrashuvda O‘zbekiston – Kuvayt munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli aloqalarni faollashtirish, kelishuvlarni ikki mamlakat xalqlari manfaatiga xizmat qiladigan aniq natijalar bilan to‘ldirishga alohida eʼtibor berildi.

Ko‘rfaz hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jasim bin Muhammad Al-Budayviy bilan muzokaralar markazidan Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz hamkorlik kengashi" Sammitini yuqori saviyada tashkil etishga urg‘u berilib, yanada mustahkam va istiqbolli hamkorlik uchun keng zamin yaratish masalalari o‘rin oldi.

Bahrayn Podshohligi tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayani bilan uchrashuvda O‘zbekiston – Bahrayn o’rtasida diplomatik, savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish, oliy va yuqori darajadagi muloqotlarni, shu jumladan Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Sammit doirasida davom ettirishga kelishib olindi.

Kuvayt Investitsiya agentligi boshqaruvchi direktori Shayx Saud Abdulaziz as-Saboh janoblari bilan uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha samarali muloqot o‘tkazildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий