Tashqi ishlar vaziri boshchiligida mamlakatimiz delegatsiyasining Qatarga tashrifi

 

Joriy yilning 14-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Arab davlatlari ligasining Isroilning Qatar Davlatiga hujumini muhokama qilishga bag‘ishlangan qoʻshma favqulodda sammitiga tayyorgarlik bo’yicha tashqi ishlar vazirlari yig’ilishida ishtirok etdi.

Kun tartibi dolzarb mintaqaviy va global muammolar, tinchlikka tahdid solayotgan yangi xavf-xatarlar, shuningdek, muloqot va muzokaralarning ustuvor ahamiyatiga qaratildi.

O‘zbekiston TIV rahbari Qatarning mintaqada mustahkam tinchlik va farovonlikni diplomatiya asosida mustahkamlash borasidagi izchil va fidokorona sa’y-harakatlarini yuqori baholab, O‘zbekiston barcha nizolarni faqat tinch yo‘l bilan hal qilishga sodiqligini ta’kidladi.

15-sentyabr kuni Doha shahrida bo‘lib o‘tgan favqulodda arab-islom sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammit ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati yetkazildi.

Davlatimiz rahbari bayonotida qardosh Qatar xalqi va barcha musulmon mamlakatlari bilan mustahkam birdamligini qayt etib, Yaqin Sharqdagi tinchlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan so‘nggi harbiy tajovuzni keskin qoraladi.

O‘zbekiston o‘zining qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi:

- barcha mojarolar tinch yo‘l va diplomatiya yordamida hal qilinishi lozim;

- xalqaro hamjamiyat zo‘ravonlikni to‘xtatish va vaziyatning yanada keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun shoshilinch choralar ko‘rishi zarur;

- BMT qarorlariga muvofiq Falastin xalqining mustaqil davlat tuzish bo‘yicha qonuniy huquqi hurmat qilinishi shart;

- O‘zbekiston jabrlanganlarga gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyor, bu allaqachon mamlakatimizda falastinlik fuqarolarning bir guruhini qabul qilish va qo‘llab-quvvatlash orqali namoyon bo‘ldi.

Sammit mintaqada mustahkam tinchlik va barqarorlik manfaatlari yo‘lida birdamlikni namoyish etish va qo‘shma qarorlar ishlab chiqish uchun muhim platforma vazifasini o‘tayotganini tasdiqladi.

Shuningdek, sammit doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan muzokaralarda tomonlar mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, umumiy vazifalarni hal etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilikni ilgari surish orqali strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash niyati tasdiqlandi.

Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining jadal rivojlanishi, asosiy mintaqaviy va global masalalar, shuningdek, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga ishonch bildirdilar.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий