Shveysariya elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida

2025-yil 9-oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova Shveysariya Konfederatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Konstantin Obolenskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilib, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ko‘p tomonlama aloqalarni kengaytirish hamda mintaqaviy integratsiya jarayonlarida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Shveysariyaning O‘zbekistonda suv xo‘jaligi, ta’lim, raqamlashtirish va ekologiya sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy va texnik ko‘mak ko‘rsatishdagi hissasi qayd etildi.
Shu bilan birga, "Blue Peace Central Asia" dasturi doirasida, xususan, ta'lim sohasida "El-yurt umidi" jamg'armasi va Shveysariyaning yetakchi oliy o'quv yurtlari bilan hamkorlikda malakali kadrlar tayyorlash va akademik almashinuvlarni rivojlantirishga qaratilgan qo'shma tashabbuslarni davom ettirish muhimligi ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama va ko‘p tomonlama darajalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.


