Shvetsiya tashqi savdo va xalqaro hamkorlik vaziri bilan uchrashuv haqida

Stokgolm shahrida, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Shvetsiya tashqi savdo va xalqaro hamkorlik vaziri Benyamin Dousa bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar so‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmining ijobiy sur’atlarda rivojlanayotganini ta’kidladilar.
Vazir ta’kidlashicha, joriy yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan shved delegatsiyalari mamlakatdan juda yaxshi taassurotlar bilan qaytgan. B.Dousa qayd etishicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ochiq tashqi siyosat, jumladan, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va Yevropa Ittifoqi bilan sheriklikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar tufayli bugungi kunda O‘zbekistonning Shvetsiya uchun ahamiyati ortib bormoqda.


