Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi

2026-yil 28-avgust kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari A.V. Kikot, Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori o‘rinbosari P.P. Gorodov hamda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev, Migratsiya agentligi direktori B.Musayev, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi B.Asadov, O‘zbekiston Respublikasining Moskvadagi Bosh konsuli M.Xayriddinov hamda Elchi maslahatchisi B.Nazarov o‘rin oldi.
Uchrashuv davomida Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari, jumladan, fuqarolarning ushlangan holatlari to‘g‘risida O‘zbekiston tomonini o‘z vaqtida xabardor qilish, migratsiya tadbirlarini o‘tkazish chog‘ida ularning huquqlariga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha tezkor hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Nazorat qilinuvchi shaxslar reyestri bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagi fuqarolarning huquqiy maqomini tartibga solish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasida tashkiliy ravishda ishga joylashtirish, ularni kasbiy va ketishdan oldingi tayyorgarlikdan o‘tkazish, shuningdek, migratsiya tartib-taomillarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, migratsiya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.


