Qatarning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida

2026-yil 30-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Qatar Davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hasan Hamza Hoshim bilan uchrashdi.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilinib, Afg‘onistonning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish nuqtai nazaridan savdo-iqtisodiy, transport-logistika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Qatar tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarini yuqori baholadi hamda Toshkentning mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotni ilgari surishdagi konstruktiv roli muhimligini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston–Qatar hamkorligini yanada mustahkamlash, mintaqaviy masalalar bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Afg‘oniston masalalari bo‘yicha muntazam va konstruktiv muloqotni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanligini tasdiqladi.


