Qatarning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

19-dekabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Baxromjon A’loyev Qatar Davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hasan bin Hamza Hoshim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Xususan, 2025-yil davomida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, turizm va ta’lim sohalarida erishilgan asosiy natijalar sarhisob qilindi.
Shuningdek, 2026-yilda ikki tomonlama kun tartibida turgan chora-tadbirlarning samarali ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalangan holda o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.


