O‘zbekiston–Belarus siyosiy maslahatlashuvlari Minsk shahrida bo‘lib o‘tdi

2026-yil 6-iyul kuni Minsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov, Belarus delegatsiyasiga esa tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pavel Utyupin boshchilik qildi.
Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar davomida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekiston–Belarus munosabatlarining jadal rivojlanayotgani hamda ko‘p qirrali hamkorlik izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Asosiy yutuqlar sifatida faol siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalarning rivojlanishi, o‘zaro savdo hajmining barqaror o‘sishi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarning samaradorligi, madaniy-gumanitar almashinuvlarning chuqurlashuvi hamda ko‘p tomonlama maydonlardagi konstruktiv hamkorlik alohida ta’kidlandi.
Tomonlar tashqi ishlar vazirliklari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi har tomonlama va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirishga faol ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.
Oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi jarayonini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, bo‘lajak tadbirlar va tashriflarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirishga kelishib olindi.


