Oʻzbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ivaya Takeshi bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Tashrif doirasida yapon delegatsiyasi Samarqand shahrida boʻlib, qadimiy shaharning boy madaniy merosi, jadal rivojlanayotgan iqtisodiy salohiyati, hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari hamda yapon kompaniyalari faol ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Baxtiyor Saidov mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mintaqalararo hamkorlik keng imkoniyatlarga ega ekanini taʼkidlarkan, ayniqsa, ishbilarmon aloqalar va investitsion sheriklik sohalarida ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdi.
Uchrashuvning muhim voqealaridan biri sifatida tashqi ishlar vazirlari darajasida ilk bor Strategik dialog oʻtkazildi. Bu tarixiy voqea Oʻzbekiston–Yaponiya munosabatlari letopisiga yangi sahifa qoʻshdi.
Tomonlar kimyo sanoati va energetika kabi muhim yoʻnalishlarda yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini eʼtirof etdilar. Shu bilan birga, axborot texnologiyalari, transport, konchilik, “yashil” energetika va boshqa istiqbolli sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga katta qiziqish mavjudligi alohida taʼkidlandi.
Muzokaralar yakunida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari vazirliklar oʻrtasida Strategik dialog boʻyicha Qoʻshma kommyunikeni imzoladilar. Ushbu hujjat siyosiy va iqtisodiy aloqalardan tortib, taʼlim va gumanitar sohalargacha boʻlgan barcha yoʻnalishlarda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.


