O‘zbekiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari telefon orqali muloqot o‘tkazdi

11-may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat davomida Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari barcha yoʻnalishlarda izchil mustahkamlanib borayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, joriy yil 8–10-may kunlari Oʻzbekistonda Turkmaniston tomoni va xorijiy mehmonlar ishtirokida yuqori saviyada tashkil etilgan “Axaltekin otlari – xalqlar doʻstligi ramzi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya hamda yirik xalqaro ot sporti tadbirlarining muvaffaqiyatli o‘tgani haqida so‘z yuritildi.
Ot sporti musobaqalari Oʻzbekiston va Turkmaniston xalqlari oʻrtasidagi qardoshlik rishtalari va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim maydonga aylangani to‘g‘risida umumiy fikr bildirildi.
Koʻplab sovrinlar bilan bir qatorda, musobaqa gʻoliblarining Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov nomidan yuksak mukofotlar bilan taqdirlangani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.


