O‘zbekiston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari telefon orqali muloqot o‘tkazdi

20-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, turli darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, energetika hamda o‘zaro manfaatli boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar ikki va ko‘p tomonlama kun tartibidagi boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.


