O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining Londondagi uchrashuvlari xususida

25-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya London shahrida Buyuk Britaniya tomoni vakillari bilan qator muhim uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi. Tashrif dasturi siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni qamrab oldi.
Jumladan Buyuk Britaniya investitsiyalar bo‘yicha davlat vaziri Lord Jeyson Stokvud bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida sanoat, energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, muhim foydali qazilmalar, sog‘liqni saqlash hamda raqamli texnologiyalar sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar sog‘liqni saqlash xizmatlari sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumini imzoladilar. Mazkur hujjat O‘zbekistonda farmatsevtika ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish hamda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratadi. Ushbu tashabbuslar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida barqaror iqtisodiy o‘sish, mas’uliyatli hamkorlik hamda o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, “Standard Chartered” banki bosh direktori Saif Malik bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda yirik sanoat loyihalarini moliyalashtirish, “yashil” energetika tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda iqtisodiyotning real sektori bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Qayta tiklanadigan energetika, infratuzilmani rivojlantirish va barqaror moliyalashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar transformatsion loyihalarni amalga oshirish va bankning milliy moliya tizimiga integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida sheriklikni rivojlantirishga tayyor ekanligini qayd etdi.
Delegatsiya “Benoy” kompaniyasi bosh direktori Tom Kartlej bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida zamonaviy shaharsozlik tashabbuslari, jumladan, O‘zbekiston bo‘ylab hududlarni rejalashtirish, Yangi Toshkent qurilishi, master-rejalarni ishlab chiqish, transport va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi rivojlantirish loyihalarida ishtiroki qo‘llab-quvvatlandi hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.
Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari bilan birgalikda Buyuk Britaniya shahzodasi Edvard bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan Markaziy Osiyo talabalari bilan muloqot qilish, yoshlar almashinuvi, akademik mobillik hamda xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Dastur doirasida delegatsiya noyob qo‘lyozmalar nusxalari bilan ham tanishdi. Bu mintaqaning boy madaniy va tarixiy merosini asrash hamda targ‘ib etish muhimligini yana bir bor namoyon etdi va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari Buyuk Britaniyaning ko‘p asrlik an’analari va institutsional vorisiyligini aks ettiruvchi Qirollik gvardiyasi ishtirokidagi marosimda qatnashdilar.
Safar doirasida Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi davlat vaziri Lord Vernon Koker bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Bundan tashqari shu kuni, Buyuk Britaniya Jamoatlar palatasi spikeri Lindsi Xoyl bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, qonun chiqaruvchi idoralar o‘rtasida muntazam almashinuvlarni rivojlantirish hamda Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniya o‘rtasida parlament diplomatiyasini chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda ta’lim, savdo va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishda parlamentlarning muhim o‘ringa ega ekanligini ta’kidladi.


