O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning Londonga tashrifiga oid

26-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya London shahrida Buyuk Britaniya rasmiy vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor masalalariga bag‘ishlangan qator muhim uchrashuvlar hamda samarali muzokaralar o‘tkazdi.
Jumladan Baxtiyor Saidov Buyuk Britaniya tashqi ishlar, Hamdoʻstlik va taraqqiyot masalalari boʻyicha Davlat kotibi Ivett Kuper boshchiligida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya” formatidagi birinchi vazirlar muloqotida ishtirok etdi.
Muloqot mintaqaning iqtisodiy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlari hamda Buyuk Britaniya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Savdo diversifikatsiyasi, sanoat kooperatsiyasi, barqaror infratuzilmani rivojlantirish, strategik xomashyo resurslari va qayta tiklanuvchi energiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Buyuk Britaniyaning tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha Davlat kotibi Ivett Kuper bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirish yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi. Savdo va investitsiyalar, energetika, infratuzilma hamda mintaqaviy bog‘liqlik yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumlari shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi hukumati o‘rtasida keng qamrovli sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolandi.
Buyuk Britaniyaning Eksportni moliyalashtirish agentligi (UKEF) bosh ijrochi direktori Tim Rid bilan uchrashuvda iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash va ustuvor infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun UKEF moliyaviy resurslaridan foydalanish masalalari muhokama qilinib, tegishli Anglashuv memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Ariel Flores va “BP” kompaniyasi boshqaruv kengashi a’zolari bilan uchrashuvda energetika sohasidagi islohotlar, “Ustyurt” loyihasini rivojlantirish, qo‘shimcha neft-gaz imkoniyatlarini o‘rganish hamda qayta tiklanuvchi energiya va ilg‘or texnologiyalar yo‘nalishidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Baxtiyor Saidov Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va yetakchi ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan rasmiy qabul marosimida ham qatnashdi. Tadbir doirasida “Rio Tinto”, “Rolls-Royce”, “International Hospitals Group” va “Intertek” kompaniyalari vakillari bilan muloqotlar o‘tkazildi hamda Buyuk Britaniya Bosh vaziri o‘rinbosari Devid Lemmi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Mazkur tashrif Britaniya xususiy sektori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistondagi islohotlar natijalarini namoyon etish hamda o‘zaro savdo va investitsiyaviy loyihalarni ilgari surishga xizmat qildi.


