O‘zbekiston Respublikasi va Indoneziya Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyaning 2-yig‘ilishi yakuni yuzasidan

 QO‘SHMA BAYONOT

1. O‘zbekiston Respublikasi va Indoneziya Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyaning 2-yig‘ilishi 2025-yilning 10-11-fevral kunlari Jakarta shahrida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchilik qildi va unga O‘zbekiston hukumati mansabdor shahslari hamrohlik qildi. Indoneziya tashqi ishlar vaziri Sugiono boshchiligidagi Indoneziya delegatsiyasi tarkibiga Indoneziya hukumati mansabdor shahslari kiritildi.

2. Vazirlar ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, xavfsizlik, savdo-investitsiyaviy, turizm, kommunikatsiya, ijtimoiy va madaniy sohalarda hamkorlik aloqalarini rivojlantirishning turli muhim masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, ular ikki tomonni tashvishga solib turgan mintaqaviy va xalqaro masalalar, xususan Afg‘oniston va Falastindagi vaziyat bo‘yicha muloqot o‘tkazdilar.

3. Har ikki vazir O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi uzoq yillik munosabatlar va do‘stlik, 32 yildan ortiq vaqtdan beri o‘rnatilgan samimiy diplomatik aloqalarga guvoh bo‘lishdan mamnunligini bildirdi. Qo‘shma komissiyaning ushbu ikkinchi yig‘ilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarish yo‘lida muhim qadam ekanligini taʼkidladi.

Siyosiy va xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik

4. Vazirlar ikki davlat rahbarlari o‘rtasida Oliy darajadagi tashriflarni o‘tkazish muhimligini taʼkidladilar. Ular, shuningdek, ikki mamlakat orasidagi munosabatlarni rivojlantirish maqsadida, shu jumladan ushbu Qo‘shma Komissiya va Tashqi ishlar vazirliklari orasidagi ikki tomonlama maslahatlar kengashi hamda boshqa vazirliklar va yuqori martabali rasmiylar uchrashuvlarini muntazam o‘tkazishdan manfaatdor ekanligini bildirdilar.

5. Ular O‘zbekiston va Indoneziya bir necha yuksak martabali rasmiylar orasida ikki tomonlama maslahatlashuvlar, jumladan 2020-yilda Ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazilganligidan mamnun ekanligini bildirdilar. Ular 2024-yil sentyabrida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida imzolangan Ikki tomonlama maslahatlashuvlar kengashi tashkil etish bo‘yicha yangi Memorandumning ahamiyatini qayd etdilar.

6. Ular so‘nggi yillar ikki davlat rasmiylari o‘rtasida tashriflar va uchrashuvlar ko‘payganini alohida eʼtirof etdilar. Shu jumladan, 2023-yil dekabr oyida Dubayda bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi konferensiyasi (COP-28) doirasida ikki davlat rahbarlari uchrashuvi, 2023-yilda Indoneziya vitse-prezidentining O‘zbekistonga tashrifi, 2024-yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda va 2020-yil Doha shahrida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi, 2023-yilda Indoneziya Turizm va kreativ iqtisodiyot vazirining O‘zbekistonga tashriflari, 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vazirining Indoneziyaga tashrifini alohida qayd etdilar.

7. Shuningdek, ikki vazir Indoneziyadan O‘zbekistonga va O‘zbekistondan Indoneziyaga parlament aʼzolari va biznes vakillarining turli darajadagi tashriflarini qayd etdilar va ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish maqsadida parlament va biznes vakillari o‘rtasida aloqalarni faollashtirish yuzasidan bir xil fikrda ekanligini bildirdilar.

Konsullik aloqalari

8. Ikki vazir ushbu uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining va Indoneziya Respublikasi Hukumatining diplomatik va xizmat pasport egalarini vizadan ozod qilish bo‘yicha kelishuvni imzoladilar. Ular, ushbu kelishuv rasmiylar va parlament aʼzolari o‘rtasida ko‘proq uchrashuvlar o‘tkazilishini va bu ikki mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Iqtisodiy hamkorlik

9. Vazirlar, so‘nggi 5 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarining sezilarli darajada o‘sganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

2024-yilda ikki mamlakat o‘rtasida savdo aylanmasi 147,6 million AQSH dollarini, 2023-yilda esa 141 million AQSH dollarini tashkil etdi, bu 2022-yildagi 82,5 million AQSH dollaridan sezilarli darajada oshgan. Tomonlar o‘sish dinamikasiga eʼtibor qaratib, Savdo va Investitsiyalar bo‘yicha Hamkorlik Kelishuvini tezkorlik bilan tugatishga va Savdo bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhini tashkil qilishga kelishib oldi. Shuningdek, ular ikki tomonlama Savdo bitimini imzolash tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.

10. Vazirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiya ko‘rsatkichlarini oshirish zaruriyati xususida bir xil fikrda ekanliklarini bildirdilar, shu jumladan, Indoneziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi 1996-yilgi Ikki tomonlama Investitsiya Kelishuvini ko‘rib chiqish va amalga oshirish bo‘yicha muhokamalarni boshlash zaruriyatiga eʼtibor qaratdilar. Ularning fikricha, O‘zbekiston va Indoneziyadagi oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga oid investitsiyalar masalalari muhokama qilindi. Indoneziya O‘zbekistondan minerallar va xom ashyolarni ishlab chiqarish sohalarining pastki bo‘g‘inlariga investitsiyalar taklif etmoqda va O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlarini o‘rganishni maqsad qilmoqda.

11. Ular, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi 1996 yilgi Iqtisodiy va Texnik Hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma Komissiyani (ITHQK) tashkil etish haqidagi kelishuvning amalga oshirilishiga va iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishni rag‘batlantirdilar. Har ikki tomon ham 2025 yil 11 fevralda Indoneziya Savdo-Sanoat palatasi hamkorligida O‘zbekistonning Jakartadagi Elchixonasi tomonidan tashkil etilgan "Imkoniyatlar yaratish va Hamkorlikni mustahkamlash, Indoneziya – O‘zbekiston Biznes Forum" tadbirini qo‘llab-quvvatladilar. Ular ushbu biznes uchrashuvini savdo, investitsiya va turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar va potensiallarni ochishga qaratilgan konstruktiv chora sifatida tan oldilar. Ular mazkur B2B uchrashuvlar Hukumatlararo qo‘shma komissiyasi bilan hamkorlikda ko‘proq muntazam ravishda o‘tkazish mumkinligini, bu esa ikki mamlakat savdo va sanoat palatalari, shuningdek davlatga tegishli kompaniyalar o‘rtasida ko‘proq o‘zaro tashriflar va aloqalarni rag‘batlantiradi.

12. Savdoga ko‘maklashish bo‘yicha, ular ikki mamlakat o‘rtasida Sanitariya va Fitosanitariya Hamkorligi va Sertifikatsiya Masalalari bo‘yicha Memorandumning yakunlanishini qo‘llab-quvvatladilar. Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi Mahsulotlar sinovi, standartlashtirish, metrologiya va texnik yordam bo‘yicha Bitimni amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatladilar.

13. Indoneziya tomoni O‘zbekistonni 2024-yil oktyabrda Toshkentda o‘tkazilgan 4-Jahon Kreativ iqtisodiyot konferensiyasini muvaffaqiyatli tashkil etgani bilan tabrikladi va Kreativ iqtisodiyot hamkorligi bo‘yicha Memorandumni kelgusida amalga oshirishga rag‘batlantirdi.

14. Vazirlar O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida turistlar almashuvi va xalqlar o‘rtasidagi aloqalar hozirgi kunda, pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlardan oshganligini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Ularning taʼkidlashicha, turizm sohasini rivojlantirishda hamkorlikning, shu jumladan, ikki mamlakat o‘rtasida Turizm bo‘yicha Memorandumni yakunlash muhim ahamiyatga ega.

15. Ular O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida savdo, turizm va xalqlar  o‘rtasidagi almashuvlarni rivojlantirishda transport vositalari bilan bog‘langanlik muhim ahamiyatga ega ekanligini tan oladilar. Shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar va transport-kommunikatsiya aloqalarini saqlash va yana-da rivojlantirish zarurligini taʼkidladilar, bu esa ikki tomonlama aloqalarni yana-da mustahkamlash va yaqinroq hamkorlikni rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Madaniy-gumanitar aloqalar.

16. Vazirlar ikki xalq o‘rtasidagi yaqin madaniy, diniy va millatlararo aloqalarni, ayniqsa, qadimdan O‘zbekistondan Indoneziya arxipelagiga Islomning tarqalishi va 1961-yilda Indoneziyaning birinchi Prezidenti Sukarnoning Samarqanddagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilganligini yuqori baholadilar. Hozirda Indoneziya tomoni Samarqandda Sukarno bog‘ini madaniy markaz sifatida tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganayotganligini bildirdi.

17. Ular har ikki mamlakatning universitetlari o‘rtasidagi mavjud o‘zaro aloqalarni inobatga olib, oliy taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar. Shuningdek, ikki mamlakatning Oliy taʼlim vazirliklari o‘rtasida shartnoma tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar (hamda madaniyat va texnologiya sohalarida Qo‘shma ishchi guruhini tashkil etish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatladilar).

18. Vazirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi taʼlim stipendiyalar almashinuvining sezilarli darajada rivojlanishini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘zbekiston tomoni Indoneziya fuqarolari uchun Samarqanddagi Ipak yo‘li Xalqaro Turizm Universitetiga stipendiyalar taqdim etgan. Indoneziya tomoni O‘zbekiston fuqarolari uchun Indoneziya Sanʼat va Madaniyat hamda Rivojlanayotgan Davlatlar Hamkorligining “Darmasisva” nomli stipendiyalarni taklif etgan.

19. Vazirlar turli sport sohalari, jumladan, tosh ko‘tarish, kurash, boks, gimnastika va ayniqsa, Indoneziyaning anʼanaviy jang sanʼati bo‘lgan penchak silat bo‘yicha almashinuv dasturini yuqori baholadilar. O‘zbekistonda Penchak Silat Federatsiyasida (UFPS) 7000 dan ortiq penchak silat sporti ustasi faoliyat yuritayotgani qayd etildi. Vazirlar penchak silat sohasida yanada faol hamkorlikni rag‘batlantirdilar va sport sohasida aloqalarni rivojlantirish uchun Shartnoma tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.

Mintaqaviy va xalqaro masalalar.

20. Vazirlar Falastindagi so‘nggi vaziyat bo‘yicha fikr almashdilar va muammoning yanada murakkablashishidan tashvish bildirdilar. Ikki mamlakat ham Falastin xalqiga yordam ko‘rsatish va Falastindagi gumanitar yordamni davom ettirishga bo‘lgan intilishlarini tasdiqladilar. Ular qarama-qarshilikni tinch yo‘l bilan hal etish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning to‘liq amalga oshirilishi muhim ekanligini taʼkidladilar.

21. Tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatni, ayniqsa, mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy va gumanitar holatni muhokama qildilar. Ular xalqaro hamjamiyatni Afg‘oniston xalqiga yordam berishda ko‘proq saʼy-harakat qilishga va Afg‘onistondagi amaldagi hukumatni xalqaro hamjamiyatga oldida  qabul qilgan vaʼdalarini bajarishga chaqirdilar.

22. Vazirlar Indoneziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi BMT va Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT) kabi barcha ko‘p tomonlama maydonlardagi yaqin hamkorlikni qo‘llab-quvvatladilar. Ular Janub-Janub hamkorligining ahamiyatini taʼkidladilar va Global Janub mamlakatlarining ustuvor maqsadlari va tashvishlariga oid masalalarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Shuningdek, tomonlar xalqaro maydonlarda o‘zaro yordamni davom ettirishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий