O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining o‘tgan 6 oydagi faoliyati to‘g‘risida

 

Assalomu alaykum, 

 

Tashqi ishlar vazirligining 2024-yil dastlabki olti oyidagi faoliyatiga bag‘ishlangan brifingimizni boshlaymiz.

O‘tgan davrda O‘zbekiston tashqi siyosati kun tartibi g‘oyat sermazmun, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlarga boy bo‘ldi, qator kelishuvlarga erishildi. 

 

I. Jumladan, o‘tgan 6 oyda yurtimizga 470 dan ortiq xorij rasmiy delegatsiyalari tashrif buyurdi, ulardan 104 tasi yuqori darajada.

O‘zbekiston delegatsiyalarining esa xorijga 581 ta xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy ko‘mak berdik.

Bundan tashqari, dunyoning turli shaharlarida bo‘lib o‘tgan 100 ga yaqin xalqaro va mintaqaviy tadbirlarda, ko‘p tomonlama tuzilmalar yig‘ilishlari hamda boshqa turli darajadagi anjumanlarda davlatimiz idoralari vakillari qatnashdilar.

Tashqi ishlar vazirligi ushbu yo‘nalishlardagi barcha safarlarning dasturlari va kun tartibini ishlab chiqish, tashkiliy masalalarni hal etish hamda erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish yuzasidan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqishda faol ishtirok etib qolmoqda.

II. Dastlabki yarim yillikda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, chet davlatlar yuqori martabali vakillari hamda tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan 150 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.

TIV rahbari o‘zining xorijiy hamkasblari bilan muntazam muloqot olib bormoqda. Bunga 29 ta xorij davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan 36 ta uchrashuv va 20 dan ziyod telefon orqali muloqotlar yaqqol misol boʻladi. 20ga yaqin xorij mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda bo‘lishdi.

Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi mamlakatlarimiz delegatsiyalari Qozog‘iston (2 marta), Qatar, Malayziya, Turkiya, Yaponiya, Afg‘oniston, Vetnam, Belarus, Koreya Respublikasi, Pokiston, Eron, Italiya, O‘mon davlatlariga tashrif buyurishdi. 

Ushbu tashirflar davomida 100 ga yaqin ikki tomonlama hamda 16 ta ko‘p tomonlama uchrashuvlarda ishtirok etdi. 

Vazirning xorijiy safarlari davomida iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni mustahkamlash masalalariga alohida urg‘u berildi.

Xususan, Malayziya, O‘mon, Vetnam va Yaponiya 4 ta biznes forum tashkillashtirildi. 50 ga yaqin yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. O‘zaro manfaatli qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi. 

Shuningdek, tashqi ishlar vaziri Minsk shahrida “Markaziy Osiyo + Rossiya”, Rim sharida “Italiya – Markaziy Osiyo” shaklidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlarida, Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida hamda Antaliya diplomatik forumida ishtirok etdi. Muzokaralar davomida bir qancha muhim hujjatlar ham imzolandi.

Shu o‘rinda 14-15-aprel kunlari poytaxtimizda “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini alohida ta’kidlash joiz.

Shuningdek, Birlashgan Milllatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Aksilterror boshqarmasi, BMT Ayollar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti, Yevropa komissiyasi, Yevropa Ittifoqi kabi ko‘p tomonlama tuzilmalarning bosh kotiblari va boshqa yuqori martabali vakillari bilan ularning yurtimizga tashriflari chog‘ida uchrashuvlar o‘tkazildi.

 

O‘tgan davrda an’anaviy tarzda O‘zbekistonda akkreditatsiyada o‘tgan diplomatik korpus vakillari bilan faol muloqot davom ettirildi. Xususan, dastlabki yarim yillikda mamlakatimizga xorijiy davlatlarning 22nafar yangi elchilari tayinlandi. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili hamda vazir o‘rinbosarlari tomonidan 6 oyda o‘nlab xorijiy tashriflar hamda  300 ga yaqin uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.

III. O‘tgan 6 oyda xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yo‘nalishida 25 ta hujjat kuchga kirdi va 104 ta yangi hujjat imzolandi.

 

IV. Endi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tsak.

O‘tgan davrda:

-  100 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;

6 284 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi;

- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 1 042 nafar fuqaromizga 104 263 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi;

- chetda qiyin vaziyatlarda, ya’ni odam savdosi qurboni bo‘lgan yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 894 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;

149 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;

- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan 109 nafar fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qaytarildi.

Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 853 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 40 ming nafar vatandoshlar qatnashdi.

Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda qariyb 53 mingta murojaat kelib tushgan. Ulardan 5 773 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentigayuborilgan.

Barcha murojaatlarga nisbatan o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi. 

Olti oy mobaynida jami 156 990 nafar chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari rasmiylashtirilgan, shundan 77 832 tasi elektron tarzda berilgan.

Shu bilan brifingimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий