O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining avgust oyidagi faoliyati to‘g‘risida

Hurmatli kuzatuvchilar,
Barchangizni eng ulug‘ va eng qadrli bayramimiz – mamlakatimiz Mustaqilligining 33 yilligi bilan tabriklab, Tashqi ishlar vazirligining avgust oyi faoliyatiga bag‘ishlangan brifingni boshlaymiz.
I. O‘tgan oyda yurtimizga 78 ta xorij rasmiy delegatsiyalari tashrif buyurdi, ulardan 30 tasi yuqori darajada.
Mamlakatimiz delegatsiyalarining esa xorijga 79 ta, jumladan 24 ta yuqori darajada xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy ko‘mak berildi.
2024 yil 9 avgust kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etdi. Uchrashuvda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari bilan birgalikda kelgusi hamkorlikning ustuvor masalalari muhokama qilindi.
2024 yil 12-14 avgust kunlari tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Kuvayt shahrida bo‘ldi. Tashrif davomida qator ikki tomonlama muzokaralar, yetakchi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar va O‘zbekiston-Kuvayt biznes forumi hamda yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla Ali Al-Yahyo bilan kechgan alohida muzokaralar chog‘ida iqtisodiy aloqalarni rag‘batlantirish, mintaqalarimiz o‘rtasidagi bog‘liklikni kengaytirish, muntazam almashinuvlarni faollashtirish, o‘zaro shartnomaviy-huquqiy asosni kuchaytirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi. Uchrashuv yakunida ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida diplomatik kadrlar tayyorlash institutlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.
Kuvayt Davlati moliya vaziri, Iqtisodiy ishlar va investitsiyalar bo‘yicha davlat vaziri doktor Anvar Ali al-Mudaf, Kuvayt investitsiyalar agentligi ijrochi direktori G‘onim Sulaymon al-G‘animan, Kuvayt Arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi bosh direktori Valid al-Bahar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida iqtisodiy yo‘nalishdagi qator hamkorlik masalalari va o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi.
Xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari bilan an’anaviy faol muloqot davom ettirildi.
Avgust oyida Isroilning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Elchisi Gideon Lustigdan ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi yangi doimiy vakili Akiko Fujii, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Mariya Kastijio, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (YUNFPA) O‘zbekistondagi doimiy vakili doktor Nigina Abaszade bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili hamda vazir o‘rinbosarlari tomonidan bir oyda 45 dan ziyod uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
Jumladan, Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Qatar, O‘mon, Misr, Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.
2024 yilning 5 avgust kuni Ostona shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov va Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yermuxambet Konuspayev rahbarlik qildi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalarini batafsil ko‘rib chiqdilar.
Aytish joizki, o‘tkazilgan barcha muzokaralar yakunlari bo‘yicha chet davlatlar bilan munosabatlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Haydarov Malayziyaning “JAKIM” Islom taraqqiyoti departamenti bosh direktori o‘rinbosari Dato Sirajuddin bin Suhaimi bilan videoaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning joriy yil may oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, halol sanoat, sertifikatlashtirish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni oshirish sohasida O‘zbekiston-Malayziya munosabatlarini rivojlantirishning holati va ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
2024-yil 13-avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan “Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi” rezolyutsiyasini qabul qildi.
Mazkur rezolyutsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan, shahar va qishloq hududlarini ko‘kalamzorlashtirish orqali bioxilma-xillikni saqlash va tiklashga qaratilgan “Yashil makon” milliy dasturi konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan.
Hujjatda Davlatimiz rahbarining Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi va BMT Iqlim bo‘yicha 28-konferensiyasida iqlim o‘zgarishiga va yerlarning degradatsiyasiga qarshi samarali kurashish bo‘yicha bildirgan asosiy takliflari o‘z ifodasini topgan.
Rezolyutsiyaga 100 dan ortiq a’zo davlatlar hammualliflik qildi.
II. Endi ko‘p tomonlama diplomatiya yo‘nalishida bo‘lib o‘tgan muhim tadbirlarga to‘xtalsak.
Avgust oyida xorijiy mamlakatlarda tashkillashtirilgan 12 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda O‘zbekiston delegatsiyalari ishtirok etdi, ulardan 4 tasi yuqori darajada.
Mamalaktimizda bo‘lib o‘tgan ko‘p tomonlama tadbirlarda ishtirok etish va o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun 15 ga yaqin delegatsiya, jumladan ko‘p tomonlama tuzilmalar rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning 30 dan ziyod ekspertlari tashrif buyurdi.
III. O‘tgan oyda xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yo‘nalishida jami 37 ta hujjat imzolandi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnoma imzolangani ikki tomonlama munosabatlarimizda o‘ziga xos muhim voqea bo‘ldi.
IV. Endi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tamiz.
Avgust oyida:
- 15 166 nafar O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
- 570 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi;
- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 183 nafar fuqaromizga 18 ming AQSH dollari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi;
- chetda qiyin vaziyatlarda, ya’ni odam savdosi qurboni bo‘lgan yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 150 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;
- 15 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;
- 25 nafarga yaqin fuqaroning pasportlari nopok ish beruvchilardan qaytarildi.
Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 120 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 9 860 nafar vatandoshlar qatnashdi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 10 502 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1100 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga kelgan.
Barcha murojaatlarga nisbatan o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.
Bir oy mobaynida 28 190 nafar chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari Elchixonalar va Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan, shuningdek, elektron tarzda rasmiylashtirilgan.
Shu bilan avgust oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingimiz o‘z nihoyasiga yetdi.
Hurmatli kuzatuvchilar, OAV vakillari, Vazirligimiz faoliyatiga doir sizni qiziqtirayotgan savollaringiz bo‘lsa, ularni Matbuot xizmatigi yo‘llashingiz mumkin. Navbatdagi brifinglarimizda ularga javoblar taqdim etamiz.
Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.
E’tiboringiz uchun rahmat!