O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi OGOHLANTIRADI!
O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasida joylashgan konsullik muassasalari faoliyati davomida O‘zbekiston fuqarolari tomonidan konsullik muassasalariga qalbaki hujjatlar taqdim etish holatlari kuzatilayotganini ma’lum qilamiz.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va boshqa davlatlarning turli xil qalbaki hujjatlarini tayyorlab berish “xizmatlari”ni taklif qiluvchi e’lonlar “Telegram” mobil ilovasidagi virtual guruh va kanallarda keng tarqalmoqda.
Ta’kidlash lozimki, ushbu jinoiy guruhlar faoliyati natijasida fuqaro E.M.R. qalbaki “Vatanga qaytish guvohnomasi”ni rasmiylashtirgan va O‘zbekistonga chipta olish jarayonida hujjatning soxtaligi aniqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Qozon shahridagi Bosh konsulxonasining tezkor harakatlari natijasida fuqaroning Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322-moddasi (Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) hamda 327-moddasi (soxta hujjatlar, davlat mukofotlari, shtamplar, muhrlar yoki blankalarni qalbakilashtirish, tayyorlash yoki sotish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishining oldi olindi.
Shuningdek, fuqaro O.B.B. ushbu yo‘l bilan fuqaro X.M.A. bilan tuzilgan qalbaki nikoh asosida “nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma”ni rasmiylashtirgan va unga asosan Rossiya Federatsiyasi fuqarolik holatini dalolatnomalarni yozish (FHDYO) organlaridan o‘z farzandi O.M.B.ga “tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma”ni olgan.
Hurmatli fuqarolar va vatandoshlar!
Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan turli xil “hujjat tayyorlab berish” haqidagi e’lonlarga aldanmaslik, hujjatlarni rasmiylashtirishda faqat O‘zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlariga murojaat qilish qat’iy tavsiya etiladi. Bu orqali siz firibgarlik va noxush holatlarga tushib qolishning oldini olishingiz mumkin.


