O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya

 

O‘zbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi (keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar),

O‘zaro hurmat, tenglik va o‘zaro manfaatlarga intilish prinsiplariga asoslanib, O‘zbekiston va Italiya xalqlari o‘rtasidagi chuqur tarixiy va madaniy aloqalarni, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon rivojlanib borayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlikni tasdiqlab, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan norma va prinsiplariga, shu jumladan, suverenitet, hududiy yaxlitlikni hurmat qilish, inson huquqlari va taraqqiyotni rag‘batlantirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlab, 1997-yil 3-may qabul qilingan Oʻzaro munosabatlar prinsiplari toʻgʻrisidagi Qoʻshma deklaratsiya hamda 1997-yil 17-sentabrda imzolangan Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomaning ikki tomonlama sheriklikning taʼsis hujjatlari sifatidagi ahamiyatini taʼkidlab, 2023-yil 8-iyunda Rim shahrida qabul qilingan va ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlab bergan Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi ahamiyatli Qo‘shma deklaratsiyani e’tirof etib, Italiya Respublikasi Prezidenti Serjio Mattarellaning 2023-yil 9–11-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi tarixiy rasmiy tashrifi va unda o‘tkazilgan yuqori darajadagi samarali muloqot qutlab, Tomonlar ikki xalq o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini quyidagi sohalarda mustahkamlashga kelishib oldilar:

 

I. Siyosiy muloqot va ikki tomonlama hamkorlik

Tomonlar muntazam almashuvlar, institutsional mexanizmlar va o‘zaro manfaatli diplomatik hamkorlik orqali yuqori darajadagi siyosiy muloqot va hamkorlikni yanada mustahkamlashga qat’iy ekanliklarini tasdiqlaydilar.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga birgalikda hissa qoʻshishga sodiqliklarini yana bir bor tasdiqlaydilar. Ular transmilliy tahdidlarga, shu jumladan, xalqaro terrorizm, zo‘ravon ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik, narkotik moddalar savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildiradilar.

Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT), “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo – Italiya” va boshqa xalqaro platformalar doirasida ko‘p tomonlama va umumiy global qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamkorlikni davom ettiradilar.

 

II. Iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar va o‘zaro bog‘liqlik

Tomonlar savdo-iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirishning strategik ahamiyatini tan oladilar va ikki tomonlama savdo aylanmasining ijobiy dinamikasini olqishlaydilar.

Ular investitsiyaviy hamkorlikni diversifikatsiya qilish va kengaytirishdan, xususan, energiya (shu jumladan qayta tiklanadigan va yashil energiya), infratuzilma, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, raqamli innovatsiyalar va muhim xom ashyo kabi ustuvor sohalarda, bugun imzolangan Qo‘shma Ahdlashuv deklaratsiyada belgilab qo‘yilganidek, uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanliklarini bildiradilar. Tomonlar tajriba almashish va qo‘shma klasterlar tashkil etish orqali kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydilar. Shu munosabat bilan, ular qo‘shma Ekspert ishchi guruhini tuzishga kelishib oldilar.

Tomonlar Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, Italiyaning Yevropa Ittifoqiga kirish darvozasi va O‘zbekiston uning mintaqadagi asosiy hamkori sifatidagi rolini ta’kidlaydilar.

 

III. Ta’lim, madaniyat, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik

Tomonlar jamiyatlar o‘rtasida ko‘prik o‘rnatish hamda uzoq muddatli o‘zaro tushunish va hamkorlikni rivojlantirishda akademik hamkorlik, tayyorlov, fan va madaniyatning hal qiluvchi rolini ta’kidlaydilar.

Ular akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, universitetlar va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘zaro manfaatli sohalarda qo‘shma ilmiy va texnologik loyihalarni ilgari surish niyatlarini bildiradilar.

 

IV. Atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish

Tomonlar global ekologik muammolarni hal etishning dolzarbligini tan oladilar.

Ular atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash, yashil texnologiyalar va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish masalalarida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildiradilar.

Ular barqaror infratuzilmalarni barpo etish, energiya samaradorligini oshirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan qo‘shma tashabbus va loyihalarni, shu jumladan, ekologik innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydilar.

 

V. Xalqaro hamkorlik va global xavfsizlik

Tomonlar mavjud geosiyosiy keskinliklardan chuqur xavotir bildiradilar hamda global inqirozlar va yuzaga kelayotgan muammolarga umumiy javob berish muhimligini ta’kidlaydilar.

Ular Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining asosiy prinsiplariga, shu jumladan, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, suverenitet, hududiy yaxlitlik va xalqaro huquqni hurmat qilish hamda inson huquqlari va taraqqiyotni rag‘batlantirishga sodiqliklarini yana bir bor tasdiqlaydilar.

 

VI. Yakuniy qoidalar

Mazkur Qo‘shma deklaratsiya O‘zbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasining strategik xususiyatdagi ikki tomonlama munosabatlarini yanada yuksaltirish va xalqlari farovonligi yo‘lida ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga doir umumiy strategik qarashlarini aks ettiradi.

Mazkur Deklaratsiya xalqaro huquqqa muvofiq huquq yoki majburiyatlarni yaratish uchun mo‘ljallanmagan va Tomonlarning ular ishtirokchisi bo‘lgan amaldagi ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama shartnomalari bo‘yicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.


Samarqand shahrida, 2025-yil 29-mayda, qabul qilindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий