O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Buyuk Britaniyaga tashrif buyurdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev London shahrida Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirining Janubiy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Tarik Ahmad, Buyuk Britaniya Bosh vazirining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Endryu Makkubri, shuningdek, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti direktori Kris Alan bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining ayrim jihatlari, jumladan, afg‘on masalasi ko‘rib chiqildi.
Britaniya tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha yechim topish, shuningdek, ushbu mamlakatning tinch taraqqiyotini ta’minlashdagi konstruktiv rolini yuqori baholadi.
Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasida birgalikdagi sa’y-harakatlar yuzasidan fikr almashildi. Mintaqaviy xavfsizlik va Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish masalalari bo‘yicha muntazam aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.