O‘zbekiston delegatsiyasining Volga bo‘yi federal okrugiga xizmat safari

 

2025-yil 13-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Rossiyaning Qozon shahriga tashrif buyurib, yirik ish beruvchi kompaniyalar rahbariyati hamda ushbu hududda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tashrif doirasida avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlashga ixtisoslashgan, yiliga 250 ming tonna asfalt-beton mahsuloti ishlab chiqaruvchi “Volga Avtodor” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Syuyumbike” kafelar tarmog‘i rahbariyati, shuningdek, mazkur korxona va xizmat ko‘rsatish sohasida ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Hozirda “Volga Avtodor” MChJning Nishnekamsk va Naberejniye Chelnidagi filiallarida 500 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda. Shuningdek, Qozon shahridagi bosh ofisda taxminan 50 nafar yurtdoshimiz faoliyat yuritmoqda. “Syuyumbike” kafelar tarmog‘ida esa 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi ishlamoqda.

Uchrashuvlar davomida mehnat muhojirlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ularga migratsiya qonunchiligiga rioya etish, noqonuniy faoliyatlarga aralashmaslik, shuningdek, yashab turgan davlatning urf-odatlari va an’analariga hurmat bilan yondashish muhimligi tushuntirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili tomonidan axloqiy qadriyatlar, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar olib borildi.

“Volga Avtodor” MChJ rahbariyati o‘zbekistonlik malakali ishchi kuchiga yuqori qiziqish bildirgan holda, 2026-yilda yana 300 nafar xodimga ehtiyoj mavjudligini ta’kidladi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий