O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiya Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilindi

20-yanvar kuni Turkiyaga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov, mudofaa vaziri Shuxrat Xalmuxamedov, ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tomonidan qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomlari yetkazildi. Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar ijobiy rivojlanish sur’atini ko‘rsatayotgani va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash uchun eng qulay sharoitlar yaratayotgani ta’kidlandi.
Mazkur “4+4” mexanizmi doirasidagi uchrashuv hukumatlarning turli idoralari o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanayotganining yana bir isboti ekanligi ta’kidlandi. Tashqi ishlar vazirliklari bundan keyin ham bor imkoniyatlarini ikki mamlakat Rahbarlari o‘rtasida erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirishga yo‘naltirishni davom ettiradi.


