O‘zbekiston delegatsiyasi Italiyaga tashrif buyurdi

Joriy yilning 14-15-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Rim shahrida bo‘lib o‘tgan “Aqaba jarayoni 2025” yig‘ilishida ishtirok etdi. Mazkur tadbir davlat rahbarlari, hukumat a’zolari va yuqori martabali rasmiylarni global hamda mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun birlashtirdi. Tadbir doirasida qator davlat rahbarlari, vazirlar va yuqori darajadagi delegatlar bilan muloqotlar olib borildi.
Yig‘ilish davomida tomonlar xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot yo‘lida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdilar. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda tinchlik, barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga o‘z hissasini qo‘shishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Rimga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining barqaror va ijobiy sur’atda rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Tomonlar barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni ilgari surish masalalarini muhokama qildilar.
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomlari yetkazildi. Uchrashuv mamlakatlarimizni bog‘lab turgan abadiy do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga sodiqlikni yana bir bor tasdiqladi. Tomonlar siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash hamda tashqi ishlar vazirliklari darajasida muloqotni yanada faollashtirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, Italiya Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani bilan bo‘lib o‘tgan muloqot ochiq va konstruktiv ruhda kechdi. Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga intilish tasdiqlandi. Uchrashuv yakunida Baxtiyor Saidov Italiya Yevropadagi O‘zbekistonning eng muhim va ishonchli hamkorlaridan biri sifatida alohida o‘rin tutishini ta’kidladi. Tomonlar o‘zaro ishonch va do‘stlik tamoyillariga asoslangan strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyorliklarini qayd etdilar.


