O‘zbekiston delegatsiyasi Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 52-sessiyasida ishtirok etdi

2026-yil 17–18-oktabr kunlari Bag‘dod shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev boshchiligidagi delegatsiya Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 52-sessiyasida ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar, jumladan, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, mojarolarni hal etish, terrorizmga qarshi kurashish hamda Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘z nutqida Bahromjon A’loyev islom dunyosida muloqot va birdamlikni mustahkamlash, mojarolarni faqat siyosiy-diplomatik vositalar, muloqot va muzokaralar orqali tinch yo‘l bilan hal etish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonning Falastin masalasi bo‘yicha prinsipial pozitsiyasini bayon etib, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish va uning mintaqaviy integratsiyasini ta’minlash zarurligini qayd etdi.
Ma’rifatli islomni targ‘ib qilish, ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashda Markaziy Osiyo tajribasidan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Sessiya doirasida IHTga a’zo davlatlar vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Uchrashuvlarda siyosiy muloqotni kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.


