Jizzax viloyatida Xalqaro biznes-forum bo‘lib o‘tadi

 

2025-yil 23–24 aprel kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanida Xalqaro biznes-forum bo‘lib o‘tadi.

Ushbu nufuzli tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Forum doirasida mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali 30 dan ortiq yetakchi hamkor davlatlardan 200 dan ziyod kompaniya rahbarlarining ishtiroki ta’minlangan. Shu bilan birga, Toshkent shahridagi diplomatik korpus vakillarining ham faol ishtirok etishi kutilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiq va izchil investitsiya siyosati natijasida iqtisodiyot barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Jumladan, 2024 yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 1,6 barobar o‘sib, qariyb 35 milliard dollarni tashkil qildi. QIymati 10 milliard dollarga teng bo‘lgan 242 ta yirik va o‘rta loyiha amalga oshirildi. Mamlakatimiz eksport hajmi ilk bor 27 milliard dollarga yetdi.

Forum doirasida xorijiy ishtirokchilar uchun Jizzax viloyatining investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu biznes-forum Jizzax viloyatining katta xomashyo zaxiralari, qulay logistika infratuzilmasi, boy tabiiy resurslari, rivojlanayotgan turizm sektori va yuqori inson kapitali kabi ustunliklarini namoyon etish bilan birga, viloyatning xorijiy hamkorlar bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun yangi hamkorlik yo‘nalishlari va imkoniyatlar eshigini ochadi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий