BAA Inson resurslari va amirliklashtirish vazirligida uchrashuv to‘g‘risida

 

12-dekabr kuni Dubay shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev BAA Inson resurslari va amirliklashtirish vazirligi xalqaro aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Abdulla al-Nuaymi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida tomonlar o‘rtasida qonuniy migratsiya, Amirliklarda mehnat faoliyatini yuritayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq vaziyatlar xususida fikr almashildi.

A.al-Nuaymi mamlakatda joriy etilgan mehnat tizimi, xorijiy ishchilar uchun taqdim etiladigan shart-sharoitlar xususida batafsil ma’lumotlar taqdim etdi.

Xususan, ishlash uchun taklif olib kelgan barcha fuqarolarning huquqlari vazirlik tomonidan to‘liq nazorat qilinishi, oylik maoshlarini o‘z vaqtida ta’minlanishi asosiy masala ekanligini ta’kidladi.

O‘zbekiston aholisining asosini yoshlar tashkil etishini inobatga olib, yurtimizning malakali kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni alohida ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida Amirliklarning ish haqini himoya qilish tizimi, inspeksiya nazorati va raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlarini o‘rganish maqsadida o‘quv seminarlarini tashkil etish, BAAning mehnat tizimi tajribasini o‘rtoqlashish uchun O‘zbekiston mutaxassislari bilan onlayn muloqotlar o‘tkazish, shuningdek, rekruting kompaniyalari orqali Amirliklarda ishlayotgan vatandoshlarimiz sonini oshirishga qaratilgan qo‘shma choralarni faollashtirish bo‘yicha kelishib olindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий