Afg‘onistonga insonparvarlik yordam topshirish marosimi
2025-yil 6-sentabr kuni Balx viloyatining Hayraton shahrida O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan Afg‘oniston xalqiga yuborilgan insonparvarlik yordamni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu yordam sharqiy viloyatlarni – avvalo Kunar va Nangarhor, shuningdek, Lag‘mon, Nuriston hamda Panjshirning ayrim hududlarini larzaga keltirgan halokatli zilzilaga javoban yo‘naltirildi.
Umumiy og‘irligi qariyb 265 tonnani tashkil etgan, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat yuk “Termez Cargo Centre” hududida shakllantirilib, 14 ta yuk avtomobili orqali Hayratonga yetkazildi.
Yordam karvoni Hayratonda samimiy minnatdorlik va umid ruhida kutib olindi. Marosim Qur’oni karim oyatlari tilovati bilan boshlandi va bu tadbirga alohida tantanavorlik bag‘ishladi.
Balx viloyati rahbariyati nomidan so‘zga chiqqan F.Robiy O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston yetakchisi va xalqi barcha qiyin davrlarda afg‘on xalqining yonida turganini ta’kidladi. U bu yordamni chinakam birodarlik ramzi sifatida baholab, afg‘on xalqi va rahbariyati buni hech qachon unutmasligini qayd etdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari M.Idris esa butun gumanitar yordam eng ko‘p ehtiyoj sezilayotgan viloyatlarga yetkazilishi va zarur oilalarga taqsimlanishini ta’kidladi.
Afg‘oniston vakillari o‘zbekistonliklarning yordamini oddiy dori-darmon va oziq-ovqat emas, balki birdamlik va insoniylik ramzi sifatida qabul qilishlarini ta’kidlab o‘tdilar. Bu yordam afg‘on xalqi qalbida o‘zbek xalqining mehr-shafqati va saxiyligi sifatida abadiy saqlanishi qayd etildi.
O‘zbekiston tomonidan marosimda Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili va Surxondaryo viloyati hokimi ishtirok etdi. Ular bunday tashabbuslar Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, birdamlikni rivojlantirish va afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlashning yorqin ifodasi ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, gumanitar missiyaning asosiy maqsadi insonlarning hayoti va salomatligini asrash, eng keskin ehtiyojlarni qoplash va jabrlangan hududlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ekani qayd etildi.
Marosim yakunida tomonlar insonparvarlik yordamni manzilli yetkazish va adolatli taqsimlash mexanizmlarini kelishib oldilar.
Hayratondagi marosim O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi gumanitar hamkorlik nafaqat ofatlar oqibatlarini bartaraf etishga xizmat qilishini, balki uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash poydevorini mustahkamlashini yaqqol namoyon etdi.